Maxsus imkoniyatlar
Samarqand viloyati Jomboy tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

KELAJAK BUGUNDAN BOSHLANADI

 Inson hayoti davomida oladigan ma'lumotlarning yetmish besh foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda olar ekan. Ayni shu yoshda bolaning dunyoqarashi shakllanadi, tafakkuri ortadi. Keyingi yillarda maktabgacha ta'lim vazirligi faoliyatini tashkil etilishi, bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olish hamda maktab ta'limiga sifatli tayyorlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Samarqand viloyatida ham maktabgacha ta'lim tizimida ijobiy o‘zgarishlar va islohotlar olib borilmoqda. 

Eng avvalo, sohada 2017 yildan hozirgi kungacha 50 tadan ziyod normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi orqali maktabgacha ta'lim tizimining huquqiy bazasi yaxshilandi. O‘zgarish va yangilanishlar taqqoslaganda seziladi. 

  Agar raqamlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, 2017 yil sentyabr oyida yangi tizim shakllangan davrda qamrov ko‘rsatkichi viloyatda 20,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib bu ko‘rsatkich 28,1 foizni (o‘sish sur'ati7,2 foiz), 2019 yilda esa ushbu ko‘rsatkich 50,4 foizni(o‘sish sur'ati 22,3 foiz) tashkil etgan.

          Sohadagi islohotlarni maktabgacha ta'lim tashkilotlari misolida davom ettiramiz. 2017 yilda davlat bog‘chalari soni 556 tani va nodavlat bog‘chalarning soni esa 8 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib davlat bog‘chalari soni 650 tadan ortdi va nodavlat bog‘chalarning soni esa qariyb 2000 taga yaqinlashdi.

         Oqdaryo tumanidagi “Millat xazinasi” nomli davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkiloti 2019 yilda qurilib foydalanishga topshirilgan. 250 o‘rinli mazkur bog‘chada bolajonlar uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ayniqsa, jajjilar musiqiy mashg‘ulotlarni ishtiyoq bilan bajarishadi. Ta'lim-tarbiya zamon talablari asosida olib borilmoqda. 

 Yana bir “Kids planet” nomli maktabgacha ta'lim tashkilotida ham tarbiyalanuvchilar sanitariya-gigiyena talablari asosida mashg‘ulotlarga jalb qilingan. 100 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkiloti bir yil davomida bolajonlarning sevimli maskaniga aylanib ulgurdi. 

Bundan tashqari, manzilli dasturlar doirasida mavjud davlat bog‘chalarining moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanmoqda hamda yangi nodavlat, davlat-hususiy sherikchilik va oilaviy shakldagi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish orqali maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovini oshirishga zamin yaratilmoqda.

 Ishtixon tumani “Xalqobod” mahallasidagi “Kelajak bolalari” nomli davlat-xususiy sheriklik asosidagi bolalar bog‘chasida 6 ta guruh faoliyat olib bormoqda va zamon talablariga mos keladigan o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlangan.

 Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Afsona” davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘cha zamonaviy multimedia resurslari bilan ta'minlangan, unga kirib kelishingiz bilan ertaklar olamiga tushib qolgandek bo‘lasiz. Yozgi o‘yin maydonchasida salqinlik beruvchi suv purkamalari o‘rnatilgan. Bir tomonda jonli tabiat burchagi kichkintoylarning atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini shakllantiradi. Kichik teatr sahnasida esa ularning san'atga bo‘lgan qiziqishlari ortadi. 

 Kattaqo‘rg‘on shahrida 2018 yilda 7 ta oilaviy bog‘cha tashkil etilgan bo‘lsa 2019 yilda ularning soni bittaga ortdi. 3 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkiloti, 1 ta nodavlat bolalar bog‘chasida qamrov 2019 yil yakuni bo‘yicha 66 % ni tashkil etdi.  Narpay tumanida esa 3-7 yoshli bolalar 16907 nafar. Shundan 8720 nafari maktabgacha ta'limga qamrab olingan. 2019 yil yakunida qamrov 47,8 %, bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil 2 choragi bo‘yicha 51,6 %, yil yakunida bu ko‘rsatkichni 63,9 foizga oshirish rejalashtirilgan. Tumanda 56 ta DMTT, 92 ta oilaviy nodavlat MTT, 2 ta DXSH assoidagi bolalar bog‘chasi bolajaonlarga ta'lim-tarbiya bermoqda. “Oqtosh ko‘zmunchoqlari” nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyatini boshlaganiga endigina 4 oy bo‘ldi. 120 o‘rinli mazkur bolalar bog‘chasida ta'lim-tarbiya ilg‘or ped texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan. Oshxona, yuvinish xonasi sanitariya talablari darajasida. Mashg‘ulot va to‘garaklar xonasi ham bolalar tafakkurini, aqliy salohiyatini yuksaltirishga doir inventarlar bilan jihozlangan.

Past Darg‘om tumani “Mirzatup” mahallasidagi “Kichkintoy“ davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkiloti 160 o‘ringa mo‘ljallangan. 12 ta yangi ishchi o‘rni yaratildi. 4 ta guruhda tarbiyalanuvchilar mashg‘ulotlardan tashqari ingliz, rus tili, badiiy gimnastika, musiqa va raqs to‘garaklarida ham faol qatnashishmoqda. Samarqand shahridagi “Timur –fayz” nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyati har qanday jahon andozalari bilan tenglasha oladi. Mashg‘ulotlar, tarbiya uslublari ham o‘ziga xos tarzda olib borilmoqda. 

Samarqand tumanidagi “Yulduzcha” oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkliotida ham kelajagimiz egalari o‘z qiziqqan mashg‘ulotlari bilan mashg‘ul. Kimdir rasm chizish bilan, kimdir yozish bilan band. Yana kimdir turli buyumlar yasayapti.  Mashg‘ulotlarda bolalarga vatanni sevish u bilan g‘ururlanish, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhini uyg‘otish hissi singdirilmoqda. 

Viloyatda maktabgacha ta'lim tizimi faoliyatini yanada kuchaytirish, sohada har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish, ularga maktabgacha yoshdagi bolalarni keng jalb etish borasidagi amaliy ishlar bolajonlarimizning barkamol, teran tafakkurli, salohiyatli, yuksak zakovatli inson bo‘lib ulg‘ayishlarida muhim ahamiyat kasb etadi. 

jomboy mtb fxborot xizmati.


Oxirgi o‘zgarish: 24/06/2020 13:37;   Ko‘rilganligi: 351
 
Material manzili: https://jomboymtb.uz/kelajak-bugundan-boshlanadi
Chop etilgan vaqti: 04/10/2022 09:06