Maxsus imkoniyatlar
Samarqand viloyati Jomboy tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

O‘zbek tilini himoya qilgan rais Normamat Esonturdiyev...

1

Bu nom har bir Jomboylik uchun yaxshi tanish. Hech bo‘lmaganda, ushbu shaxs nomi berilgan hududni eshitganmiz. Xo‘sh, u kishi kim bo‘lgan, nega hayot yo‘li, faoliyati haqida yetarli ma'lumotga ega emasmiz?

Jomboy ma'muriy-hududiy birlik sifatida 1930 yilda tashkil etilgan. O‘tgan sakson yillik tarix davomida mamlakatning bir bo‘lagi sifatida barcha iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy jarayonlarni boshidan kechirdi. Bugungi 170 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan, sanoat va meva-sabzavotchilik taraqqiy etgan Jomboy tumani o‘z-o‘zidan yuzaga kelmagan. Bunda xalq orasidan yetishib chiqqan fan, madaniyat, sanoat, qishloq xo‘jaligi fidoyilarining o‘rni beqiyos. Ana shunday mehnat qahramonlaridan biri Normamat Esonturdiyev edi.

U kishini bilgan, shaxsan tanish bo‘lgan avlod bugun sakson yoshdan oshdi. Xotiralarda murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tgan, fidoyi, talabchan, irodali rahbar, mehribon do‘st va oilaparvar inson sifatida eslashadi.

– Normamat akaning ulug‘ fazilati – kim bo‘lishidan qat'i nazar, inson erishgan yutuqdan quvonar, qayerdadir yaxshi tajriba bo‘lsa, Jomboyga olib kelishga intilardi, – deb eslaydi nafaqadagi jurnalist Shokirjon Sheraliyev. – Ayniqsa, do‘stlari, shogirdlari bir muvaffaqiyatga erishsa, juda faxrlanar, davralarda to‘lib-toshib gapirib yurardi.

Darhaqiqat, 1903 yilda Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan N.Esonturdiyev samimiy, kamtarin inson edi. To‘rt yoshida onasidan, o‘n bir yoshida otasidan yetim qolgach, qishloqdagi bo‘z yerlarda ekin ekib, kun ko‘ra boshlaydi. Keyinchalik, kolxozlar tuzilishida mehnat qiladi. Xalqni ziyoli, madaniyatli bo‘lishini orzu qilgan inson sifatida yangi alifbo kurslari tashkil etilishida faol qatnashadi.

1935 yildan tuman ijroiya qo‘mitasi raisi sifatida ish boshlaydi. Bu vazifada o‘n to‘qqiz yil, jumladan Ikkinchi jahon urushi yillarida ham fidokorona mehnat qilgan.

Shokirjon Sheraliyevning xotirlashicha, o‘sha yillar tumanda nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki madaniyat, aholi ijtimoiy turmush darajasi ham yaxshilangan. Yo‘l, madaniy inshootlar, turar joy binolari, shifoxona, savdo shoxobchalari bunyod etilgan.

– 1963 yilning yanvari Normamat aka uchun sinovli keldi, – deydi Sh.Sheraliyev. – Uni viloyatdagi eng qoloq xo‘jalik – sobiq “Oktyabr” kolxozi (Hozirgi Beshbola mahallasi)ga  rais etib tayinlashdi. O‘sha davrda hudud iqtisodiyoti og‘ir ahvolda bo‘lib, paxtadan olingan hosildorlik past, chorvachilik butunlay orqaga ketgandi. Dastlabki yilda g‘alla maydonlaridan hosildorlik 14 sentnerga yetdi. Chorvachilik ham oyoqqa turdi. Yuqori natijaga erishib, fidoyilik ko‘rsatayotgan agronom, zootexnik, injener, mexanizatorlar muntazam rag‘batlantirib borildi. Bu raqamlar tarix, aslida. Bugun Jomboy va Bulung‘ur davlat arxivlarida saqlanayotgan ushbu ma'lumotlar Normamat Esonturdiyevning shaxsiyati, rahbarlik salohiyati, bilimdon va jonkuyar inson bo‘lganini isbotlaydi.

O‘ylashimizcha, u kishining yana bir xislati millatparvarligida bo‘lgan. Birgina misol. Tumanga rahbarlik qilgan yillarda “Ekonomika kabineti” tuzilmasini – “Iqtisodiy markaz” deb qayta nomlashga topshiriq beradi. Sovet mafkurasi davrida bu katta jasorat edi.

Sobiq ittifoqda mashhur bo‘lgan “Pravda” gazetasining 1960 yil 31 may sonida salmoqli maqola chop etilgandi. “Samarqandda shahar tipidagi posyolka qurishga kirishildi. Zamonaviy, ikki qavatli, barcha qulayliklarga ega binolar – Beshbola posyolkasi qurilmoqda. Unga Normamat Esonturdiyev asos soldi”, deb yozilgandi unda.

O‘zbkistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor, “Mehnat qahramoni”, “Hurmat belgisi” ordenlari sohibi Nomamat Esonturdiyev ana shunday inson edi. Ular haqida bugun Jomboyliklar bilishi, faxrlanishi kerak.


Oxirgi o‘zgarish: 11/06/2020 08:58;   Ko‘rilganligi: 362
 
Material manzili: https://jomboymtb.uz/ozbek-tilini-himoya-qilgan-rais-normamat-esonturdiev
Chop etilgan vaqti: 04/10/2022 09:07