MAKTABGACHA TA'LIM VAZIRLIGI BOLALARNI SOG‘LOM OVKATLANTIRISH TIZIMI MEXANIZMINI ISHLAB CHIKISHDA ROSSIYA TAJRIBASIDAN FOYDALANADI.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri A.V.Shin rahbarligidagi delegatsiya 2020 yil 21 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida, ovqatlanishni tashkil etish sohasidagi tajribani o‘rganish maqsadida Sankt-Peterburg shahar Ijtimoiy ovqatlanish boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashdi, shuningdek "Torgoviy dom A.P.Ivanov" ovqatlanish kombinati, maxsus sinov laboratoriyasi va Ijtimoiy ovqatlanish boshqarmasi huzuridagi o‘quv kursi kombinati bilan tanishdi.
Vazirlikning maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ovqatlanishni tashkil etish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha 2030 yilgacha maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan vazifalar, shuningdek, 2019 yil dekabr oyida Oliy majlis Senatida bo‘lib o‘tgan sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish masalalari bo‘yicha muhokamalarni inobatga olgan MTV delegatsiyasi oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish masalalari, ijtimoiy ovqatlanish tizimining me'yoriy-huquqiy bazasini tashkil etish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, bolalar ovqatining xavfsizligini ta'minlash, shuningdek ijtimoiy sohaga xizmat ko‘rsatuvchi ovqatlanish kombinatlari misolida ovqatlanishni tashkil etishning zamonaviy shakllari bilan tanishib, rossiyalik hamkasblar bilan yuqoridagi masalalarni muhokama qildilar. MTV delegatsiyasi rossiyalik hamkasblar tajribasi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan asosiy yo‘nalishlarni belgilab oldi.
2020 yil 19 yanvar kuni, delegatsiya a'zolarining "Tarmoqli ovqatlanish instituti" (ANO "Institut otraslevogo pitaniya") rahbariyati bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda quyidagi yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi:
• Ovqatlanishni tashkil etishga doir gigiyena talablari;
• Ovqatlanish me'yorlari qayta tashkil etish masalasi;
• Namunaviy taomnomalar va retseptlar kitobini ishlab chiqish;
• Oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishni rejalashtirish tizimini agrosanoat majmuasi imkoniyatlarini tahlil qilgan holda tashkil etish (ishlab chiqish);
• Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishning ko‘p tarmoqli tizimi, shuningdek ovqatlanish joylarini loyihalash va jihozlash bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish;
• Ovqatlanish kombinatlari va oziq-ovqat sanoati korxonalarida taomlar tayyorlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish.
Oxirgi o‘zgarish: 29/01/2020 12:44; Ko‘rilganligi: 659
Chop etilgan vaqti: 02/06/2023 05:11