Maxsus imkoniyatlar
Samarqand viloyati Jomboy tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

Rasmiy munosabat

Bugun zarnews.uz saytida "Qozondan “uchib ketgan” parranda, familiyasi ikkita bolalar" sarlavhali maqola chop etildi.Unda tumanimizdagi ayrim maktabgacha ta'lim tashkilotlaridagi vaziyat tanqid qilinadi.

Ushbu holatlar tuman kengashi deputatlari tashabbusi bilan may-iyun oylaridagi  o‘rganish davomida aniqlanganini qayd etish joiz. Shundan so‘ng navbatdagi 30-sessiyada muhokama etilgan. Qolaversa, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limining kengaytirilgan yig‘ilishida ham holat tanqidiy tahlil qilingan. Tartibsizlikka yo‘l qo‘ygan mas'ullarga chora ko‘rilgan. Kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq reja ishlab chiqilgan. Maqolada tilga olingan muassasalarning ko‘pchiligida vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Shunday bo‘lsa-da, bir oydan beri ushbu material turli nashrlarda qayta-qayta yoritilyapti.Maqolada tilga olingan 19-davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti 2019 yilda mukammal ta'mirlangan. O‘yin maydonchasi deputat K.Umarova yozganidek, nosoz va foydalanishga yaroqsiz emas. Binoning old qismida mavsumiy gullar ekish uchun maydoncha yo‘q. Ammo kirish qismida tuvakli gul ko‘chatlaridan iborat burchak tashkil etilgan.

Tilga olingan tashkilotlarning barchasi devoriy suratlar, ertak qahramonlari va o‘simliklar tasviri bilan bezatilgan. Maydonchalar bo‘ylab maketlar mavjud.

Faoliyat yuritayotgan pedagoglar tegishli malaka talablariga javob beradi. Maktabgacha ta'lim vazirining 2019 yil 30 avgustdagi 155-son buyrug‘i asosida ish hujjatlari yuritilib borilgan.

To‘g‘ri, ish risoladagidek tashkil etilgan, deyolmaymiz. Juz'iy kamchiliklar mavjudligi rost. Bunga yo‘l qo‘ygan mutasaddilar intizomiy jazoga tortildi.

Tizimda ishni tartibli yo‘lga qo‘yish uchun jurnalistlar, blogerlar, deputat va faollar bilan hamkorlik qilishdan biz ham manfaatdormiz. Ammo kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan xayrli niyatimiz kimnidir yomonotliq qilish, minglab fidoyi insonlar mehnat qilayotgan bir sohani aholiga qora bo‘yoqlarda ko‘rsatishga urinish bo‘lib qolmasligi kerak.

Bu borada ochiq, shaffof, konstruktiv hamkorlik qilishga har doim tayyormiz.

Tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi.


Oxirgi o‘zgarish: 29/06/2021 16:03;   Ko‘rilganligi: 158
 
Material manzili: https://jomboymtb.uz/press/news/rasmiy-munosabat
Chop etilgan vaqti: 04/10/2022 10:02