Samarqandda Maktabgacha ta'lim tizimi xodimlarining an’anaviy avgust kengashi onlayn tarzda o‘tkazildi
Samarqand viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda an'anaviy avgust kengashini onlayn tarzda tashkil etdi. Yig'ilishda viloyat hokimligi, maktabgacha ta’lim boshqarmasi rahbar xodimlari, bo‘lim boshliqlari va mutaxassislar, tuman va shahar maktabgacha ta’lim bo‘limlari va maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tashkil etilgan studiyalarda bo‘limi mudirlari, shuningdek, DMTT direktorlari, metodistlar va pedagoglar ishtirok etdi.
Viloyat hokimi o'rinbosari Xurshid Ochilov o‘z nutqida bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimi oldida turgan eng muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrovini oshirish, nodavlat va davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalari hamda oilaviy bog‘chalarni ko‘paytirish, sohani oliy ma’lumotli, salohiyatli pedagog kadrlar bilan ta’minlash, tarbiyalanayotgan bolalarning sog‘lig‘ini va sog‘lom ovqatlanishlarini ta’minlash, sanitariya qoidalariga jiddiy rioya qilish kabi masalalar yuzasidan atroflicha tahliliy fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, yig'ilishda vatan kelajagi hisoblangan yosh avlod haqida g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi sifatida baholanayotgan davlatimiz rahbarining maktabgacha ta’limga oid qabul qilgan qator qaror va farmonlari, yig‘ilish va uchrashuvlarda bergan ko‘rsatmalari soha xodimlari uchun dasturilamal ekanligi ta’kidlandi.
2020-2021 o'quv yilida sohada fidoyilik ko'rsatgan pedagog-xodimlar mukofotlandilar. Jumladan tumanimizdagi 23-son maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachisi Nigora Babaxanova viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘ining faxriy yorlig'i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oxirgi o‘zgarish: 25/08/2021 16:01; Ko‘rilganligi: 215
Chop etilgan vaqti: 02/06/2023 03:47